Ommaviy oferta

“Buzton” mas’uliyati cheklangan jamiyatining telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ommaviy ofertasi

1. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Ushbu Ommaviy oferta (keyingi o‘rinlarda — «Oferta») O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367–369-moddalariga muvofiq «BUZTON» masʼuliyati cheklangan jamiyatining (keyingi o‘rinlarda — «Operator») quyida bayon etilgan shartlarda telekommunikatsiya xizmatlarini (keyingi o‘rinlarda — «Aloqa xizmatlari») ko‘rsatish to‘g‘risida abonent shartnomasini tuzish haqidagi rasmiy ommaviy taklifidir.

1.2. Oferta jismoniy shaxslarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga va yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yurituvchi fuqarolik-huquqiy munosabatlarning boshqa ishtirokchilariga, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar yuridik shaxslarga (shu jumladan byudjet tashkilotlariga), nodavlat notijorat tashkilotlariga, ommaviy-huquqiy va davlat tashkilotlariga (keyingi o‘rinlarda har biri — «Abonent») qaratilgan.

1.3. Operator O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq 30.12.2014-yildagi № 073882, 07.07.2021-yildagi № 073881 va 01.09.2021-yildagi № 073879-son litsenziyalar asosida faoliyat yuritadi.

1.4. Oferta, shuningdek unga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, agar joylashtirish paytida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, Operatorning www.buzton.com rasmiy veb-saytida joylashtirilganidan keyin 15 (o‘n besh) kalendar kun o‘tgach kuchga kiradi va saytda uni bekor qilish to‘g‘risidagi xabar joylashtirilgunga qadar amal qiladi.

1.5. Oferta shartlari barcha Abonentlar uchun bir xildir. Operator Ofertaning 14-bo‘limida belgilangan tartibda Ofertaga bir tomonlama o‘zgartirishlar kiritishga haqli.

1.6. Operator va Abonent o‘rtasida tuzilgan aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi abonent shartnomasi (keyingi o‘rinlarda — «Shartnoma») Ofertaning ajralmas qismidir. Ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish xususiyatlarini belgilovchi Oferta ilovalari ham uning ajralmas qismi hisoblanadi.

1.7. Oferta va Shartnoma telefon aloqasi xizmatlari, maʼlumotlar uzatish (shu jumladan Internet tarmog‘iga kirish), Internet tarmog‘iga simsiz kirish (Wi-Fi), telekommunikatsiyalarning transport kanallarini ijaraga berish, shuningdek hamroh va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda Taraflarning tartibi, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.

2. ATAMALAR VA TAʼRIFLAR

Ofertada quyidagi atamalar qo‘llaniladi:

Abonent — ushbu Oferta shartlari asosida Operator bilan Shartnoma tuzgan shaxs (jismoniy shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor va yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yurituvchi fuqarolik-huquqiy munosabatlarning boshqa ishtirokchisi, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar yuridik shaxs (shu jumladan byudjet tashkiloti), nodavlat notijorat tashkiloti, ommaviy-huquqiy va davlat tashkiloti).

Abonent shartnomasi (Shartnoma) — Oferta shartlarining aksepti asosida Abonent va Operator o‘rtasida tuziladigan, Abonent, tanlangan xizmatlar, tarif rejasi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni va boshqa zarur shartlarni o‘z ichiga olgan hujjat.

Abonent qurilmasi (Qurilma) — Abonentning mulki yoki vaqtincha foydalanishida bo‘lgan, Operator tarmog‘iga ulanadigan va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi standartlari texnik talablariga javob beradigan texnik (oxirgi) qurilma.

Abonent liniyasi — aloqa liniyasining Operator tarmog‘iga kirish nuqtasidan Abonentning oxirgi qurilmasigacha bo‘lgan qismi.

Abonent to‘lovi — hisob-kitob davri (oy, chorak, yil va h.k.) uchun aloqa xizmatlariga belgilangan, amalda olingan xizmatlar hajmiga bog‘liq bo‘lmagan qatʼiy to‘lov.

Avans to‘lovi (Oldindan to‘lov) — kelgusi hisob-kitob davrlaridagi aloqa xizmatlari haqini to‘lash uchun Abonent tomonidan shaxsiy hisobvaraqqa kiritiladigan pul mablag‘lari. Dastlabki avans to‘lovi — xizmatlar ko‘rsatish boshlanishidan oldin kiritiladigan, tarif rejasiga muvofiq abonent to‘lovining va tanlangan pullik xizmatlar qiymatining 100 % miqdoridagi oldindan to‘lov.

Avtorizatsiya — Abonentning autentifikatsiya maʼlumotlarini tekshirish natijalari bo‘yicha unga xizmat olish yoki Shaxsiy kabinetga kirish huquqini taqdim etish jarayoni.

Autentifikatsiya — foydalanuvchi taqdim etgan identifikatsiya maʼlumotlarining haqiqiyligini tekshirish.

Autentifikatsiya maʼlumotlari — Shartnoma tuzishda shakllantiriladigan hamda avtorizatsiya, masofadan ulanish va Shaxsiy kabinetga kirish uchun foydalaniladigan Abonent logini va paroli. Login Operator tomonidan taqdim etiladi va Shartnoma amal qilish davrida o‘zgartirilmaydi; parol Abonent tomonidan o‘zgartirilishi mumkin.

ASR (avtomatlashtirilgan hisob-kitoblar tizimi, billing) — ko‘rsatilgan xizmatlarni hisobga olish hamda Operator va Abonent o‘rtasidagi hisob-kitoblar uchun mo‘ljallangan dasturiy-apparat majmuasi.

Arxiv tarif rejasi — ilgari tasdiqlangan, yangi ulanishlar uchun yopilgan tarif rejasi.

Diler/Agent — dilerlik/agentlik shartnomasi va/yoki ishonchnoma asosida Operator nomidan ish yurituvchi yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor.

Shaxsni tasdiqlovchi hujjat — O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti (chet elga chiqish biometrik pasportidan tashqari), ID-karta, milliy haydovchilik guvohnomasi, chet el fuqarosining pasporti (ro‘yxatga olinganlik belgisi bilan), fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning guvohnomasi, yashash guvohnomasi (vid na jitelstvo), belgilangan shakldagi ilovasi bilan harbiy bilet va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.

Xizmat ko‘rsatish hududi — Operator aloqa xizmatlarini ko‘rsatishga haqli bo‘lgan va texnik jihatdan qodir bo‘lgan hudud.

IP-manzil — IP protokoli asosida qurilgan tarmoqdagi qurilmaning (tugunning) noyob raqamli identifikatori. IP-manzillar puli — yaxlit birlik sifatida ajratiladigan IP-manzillar majmui (diapazoni, bloki).

Uskunalarni joylashtirish (Colocation) — Abonent uskunasini joylashtirish uchun Operatorning maxsus jihozlangan binosidagi telekommunikatsiya shkafida (stoykasida) Abonentga joy (yunitlar) taqdim etish, elektr taʼminoti, iqlim sharoitlari va binoni qo‘riqlashni taʼminlash xizmati.

Kontent-provayder — Abonent buyurtmasi asosida Operator tarmog‘i orqali Abonentlarga axborot-ko‘ngilochar (kontent) xizmatlarini taqdim etuvchi yuridik shaxs.

Shaxsiy kabinet — Operator saytidagi himoyalangan veb-sahifa bo‘lib, autentifikatsiya maʼlumotlari, xizmatlar statistikasi, shaxsiy hisobvaraq balansi va boshqa axborotni o‘z ichiga oladi. Shaxsiy kabinet ko‘rsatkichlari maʼlumot xarakteriga ega bo‘lib, seans yakunlangunga qadar ASR maʼlumotlaridan farq qilishi mumkin.

Shaxsiy hisobvaraq — ASRdagi Abonentning pul mablag‘lari harakati va ko‘rsatilgan xizmatlarni aks ettiruvchi elektron hisobvarag‘i. Shaxsiy hisobvaraq balansi — muayyan vaqtdagi kiritilgan va hisobdan chiqarilgan mablag‘lar o‘rtasidagi farq.

Firibgarlik (Fraud) — Operator xizmatlari va resurslaridan ruxsatsiz yoki g‘ayriqonuniy foydalanish, shuningdek axborot texnologiyalari sohasidagi boshqa huquqqa xilof harakatlar.

Operator — telekommunikatsiya tarmog‘iga ega bo‘lgan va aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi «BUZTON» MChJ.

To‘lov agenti — to‘lov terminallari, tizimlari yoki boshqa qurilmalar yordamida Abonent to‘lovlarini qabul qiluvchi subyekt.

Qoidalar — O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirining 2026-yil 6-yanvardagi 287-mx-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2026-yil 26-yanvarda 3762-son bilan ro‘yxatga olingan), shuningdek ularga muvofiq qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar.

Preyskurant — Operator tomonidan tasdiqlangan aloqa xizmatlari ro‘yxati va ularning narxlari.

Operator tarmog‘i — maʼlumotlar uzatish, telefon aloqasi va Wi-Fi tarmoqlarini o‘z ichiga olgan, aloqa xizmatlarini ko‘rsatishni taʼminlovchi Operator texnik vositalarining majmui.

Taraflar — Operator va Abonent birgalikda.

Tarif — Operator tomonidan belgilanadigan aloqa xizmati birligining narxi.

Tarif rejasi — bir yoki bir nechta aloqa xizmatini ko‘rsatish narxlari, texnik tavsiflari va shartlari majmui.

Aloqa xizmatlari — telekommunikatsiya tarmoqlari orqali signallar va boshqa axborotni qabul qilish, uzatish va qayta ishlash bo‘yicha Operator faoliyatining mahsuli. Asosiy va qo‘shimcha xizmatlarga bo‘linadi.

Cheklov darajalari — shaxsiy hisobvaraqdagi mablag‘larning eng kam qoldig‘i bo‘lib, unga yetilganda Operator xizmatlar ko‘rsatishni cheklashga yoki to‘xtatishga haqli.

3. OFERTA PREDMETI VA XIZMATLAR RO‘YXATI

2.1. Operator Abonentga mazkur Ommaviy ofertada belgilangan shartlarda telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish majburiyatini oladi, Abonent esa telekommunikatsiya xizmatlariga to‘lovlarni amalga oshirish majburiyatini oladi.

2.2. Tarif rejasi va telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish shartlari hamda tartibi Operator tomonidan belgilanadi.

2.3. Abonent shartnomasi – Tarif rejasining shartlari, telekommunikatsiya xizmatlarining muayyan turi yoki bir nechta (paketli) telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish shartlari va xususiyatlari, shuningdek, Operator tomonidan telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish shartlari va tartibini qamrab oladi va mazkur Ommaviy ofertaning ajralmas qismi hisoblanadi.

2.3.1. Abonent shartnomasi yozma yoki elektron shaklda tuzilishi mumkin.

2.3.2. Operator fuqarolik-huquqiy munosabatlar sub’ekti bo‘lgan Abonent - jismoniy shaxs, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar yuridik shaxs, shu jumladan, byudjet va byudjet tizimidan moliyalashtiriluvchilar, yakka tartibdagi tadbirkor yoki qonun hujjatlariga ko‘ra, yuridik shaxsni tashkil etmagan fuqarolik-huquqiy munosabatlarning boshqa ishtirokchilari (xususiy notarial idoralar, fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari), notijorat tashkilotlari, ommaviy-huquqiy tashkilot va boshqalarninghuquqiy maqomidan kelib chiqib, tegishli (alohida shakldagi) Abonent shartnomasini tuzish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

2.4. Telekommunikatsiya xizmatlarining ayrim turlarini taqdim etish uchun Operator, zarur hollarda, Abonentga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatish davriga Abonent qurilmasini taqdim etishi mumkin.

2.5. Abonentga taqdim etiladigan telekommunikatsiya xizmatlarining to‘liq ro‘yxati Operator tomonidan tasdiqlangan Narxnoma va Tarif rejalariga muvofiq Abonent shartnomasining ilovasida ko‘rsatiladi.

2.5.1. Mobil elektron to‘lov xizmatlarini taqdim etish tartibi va shartlari mazkur Ommaviy ofertaning ajralmas qismi bo‘lgan ilovada belgilangan mobil moliyaviy xizmatlarni taqdim etish qoidalari bilan belgilanadi.

2.6. Tarif rejalari va telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish shartlari hamda tartibi Operator ofislari, Operator WEB-sayti va/yoki ommaviy axborot vositalarida joylashtirib boriladi (e’lon qilinadi).
 

4. SHARTNOMA TUZISH VA OFERTA AKSEPTI

4.1. Aksept (Oferta shartlarini to‘liq va so‘zsiz qabul qilish) — Abonent tomonidan Dastlabki avans to‘lovining kiritilishidir. Shartnomani imzolash va/yoki konklyudent harakatlarni amalga oshirish (Operator saytida ro‘yxatdan o‘tish va to‘lov) ham akseptni tasdiqlaydi. Aksept qilingan paytdan boshlab Oferta va Shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

4.2. Shartnoma yozma yoki elektron shaklda tuzilishi mumkin:

— Operator yoki Diler ofisida — Abonent (yoki uning notarial ishonchnoma asosidagi vakili) shaxsan ishtirok etganda va shaxsni tasdiqlovchi hujjatning aslini taqdim etganda;

— masofadan — Operator saytida elektron ariza berish va keyinchalik aksept qilish (onlayn-aksept) orqali. Masofadan tuzish mumkin bo‘lgan xizmatlar ro‘yxati Operator tomonidan belgilanadi;

— Abonentning joylashgan yerida yoxud maxsus jihozlangan transport vositasida — qishloq, olis va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida, shuningdek yakka tartibdagi murojaat bo‘yicha.

4.3. Shartnomani imzolash (aksept qilish) Abonentning Ofertaning 10-bo‘limiga muvofiq uning shaxsga doir maʼlumotlarini to‘plash va qayta ishlashga roziligi hisoblanadi.

4.4. Shartnoma tuzish uchun Abonent quyidagilarni taqdim etadi:

— jismoniy shaxs — shaxsni tasdiqlovchi hujjat; ulanish manzilidagi binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat (mulk huquqi guvohnomasi, yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganlik yoxud aloqa xizmatlarini ulash huquqini nazarda tutuvchi ijara shartnomasi); 14–18 yoshdagi voyaga yetmaganlar uchun — ota-onasining, farzandlikka oluvchilarining yoki vasiylarining notarial tasdiqlangan yozma roziligi;

— yakka tartibdagi tadbirkor va yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yurituvchi fuqarolik-huquqiy munosabatlarning boshqa ishtirokchilari, yuridik shaxslar va tashkilotlar — davlat ro‘yxatidan o‘tganlik guvohnomasi, vakilning shaxsini va vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek ulanish manzilidagi binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat.

4.5. Ariza berishda Abonent quyidagilarni maʼlum qiladi: familiyasi, ismi, otasining ismi, manzili, shaxsni tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari va JShShIR (jismoniy shaxslar uchun); nomi, bank rekvizitlari, manzili va STIR (tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun); aloqa maʼlumotlari (telefon raqami va elektron pochta) hamda ulanish manzili.

4.6. Chet el fuqarolari uchun xizmatlar ko‘rsatish muddati ularning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish muddati bilan cheklanadi.

4.7. Shartnoma tuzishda Taraflar xizmatlar ko‘rsatishning texnik imkoniyati mavjudligini aniqlaydilar. Telefon tarmog‘iga va maʼlumotlar uzatish tarmog‘iga (shu jumladan Internetga) ulash ishlarini bajarish muddatlari:

— texnik imkoniyatni o‘rganish va u mavjud bo‘lmaganda asoslantirilgan javob berish — 7 (yetti) ish kuni ichida; telefon aloqasi xizmatlari bo‘yicha texnik imkoniyat mavjud bo‘lmaganda asoslantirilgan javob va texnik shartlar 3 (uch) ish kuni ichida taqdim etiladi;

— texnik imkoniyat mavjud bo‘lganda ulash — Shartnoma tuzilgan paytdan boshlab 10 (o‘n) ish kuni ichida;

— bo‘sh liniyalar mavjud bo‘lmaganda va yetishmayotgan liniyalar ariza beruvchi hisobidan (uning roziligi bilan) o‘tkazilganda — 180 (bir yuz sakson) kun ichida; maʼlumotlar uzatish xizmatlari bo‘yicha texnik shartlar 7 (yetti) ish kuni ichida taqdim etiladi.

Agar ariza beruvchi hisobidan qurilgan telekommunikatsiya vositalari va inshootlari Operatorga texnik xizmat ko‘rsatish, foydalanish yoki mulk qilib berilmagan bo‘lsa, ulardan foydalanish Abonent tomonidan mustaqil amalga oshiriladi; Operator ularning holati va ishlashi uchun javobgar emas, Operatorning javobgarlik zonasi esa bunday inshootlarning Operator tarmog‘iga ulanish nuqtasi bilan cheklanadi.

4.8. Elektron ariza berilganda Operator 3 (uch) ish kuni ichida ariza beruvchiga Shartnoma tuzish imkoniyati tasdig‘i (tuzish joyi va tartibi ko‘rsatilgan holda) yoxud asoslantirilgan rad javobini yuboradi. Aniq rekvizitlar ko‘rsatilgan Shartnoma texnik imkoniyat tasdiqlangan kundan boshlab ko‘pi bilan 7 (yetti) ish kuni ichida taqdim etiladi.

4.9. Texnik imkoniyat mavjud bo‘lmaganda Shartnoma u paydo bo‘lgunga qadar, biroq tuzilgan paytdan boshlab ko‘pi bilan 15 (o‘n besh) kalendar kun amal qiladi, shundan so‘ng o‘z kuchini yo‘qotadi.

4.10. Texnik imkoniyat mavjud bo‘lganda Abonent Shartnoma imzolangan paytdan boshlab 7 (yetti) kalendar kun ichida Dastlabki avans to‘lovini kiritmasa, u Shartnoma tuzishdan voz kechgan hisoblanadi. Qisman to‘langan mablag‘lar Ofertaning 8.13-bandi tartibida qaytariladi.

4.11. Operator quyidagi hollarda Shartnoma tuzishni rad etishga haqli:

— ariza beruvchi voyaga yetmagan bo‘lsa (14–18 yoshdagi shaxslar uchun qonuniy vakillarning notarial roziligi mavjud bo‘lgan holdan tashqari);

— ulanish manzili xizmat ko‘rsatish hududidan tashqarida bo‘lsa yoxud texnik imkoniyat mavjud bo‘lmasa;

— ariza beruvchi taqdim etgan axborot to‘liq bo‘lmasa, yolg‘on yoki ishonchsiz bo‘lsa;

— xizmatlar ko‘rsatish mudofaa qobiliyatiga, odamlar sog‘lig‘iga yoki xavfsizligiga tahdid tug‘dirsa;

— ariza beruvchining ilgari tuzilgan shartnomalar bo‘yicha Operator oldida uzilmagan qarzi mavjud bo‘lsa;

— taqdim etilgan Qurilma yo‘qolgan (qidiruvda) deb hisobda tursa yoxud qonunchilikka muvofiq sertifikatlanmagan bo‘lsa.

4.12. Shartnomani tuzish orqali Abonent xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan telekommunikatsiya vositalari va liniyalarini Operatorning o‘ziga tegishli binoda joylashtirishga, shuningdek — Abonentning mavjud huquqlari doirasida — binoning umumiy foydalanishdagi xonalari va konstruksiyalaridan (yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar, texnik qavatlar va tokchalar, kabel kanallari) qonunchilik talablariga rioya etgan holda foydalanishga rozilik bildiradi.

5. XIZMATLAR KO‘RSATISH VA XIZMAT KO‘RSATISH TARTIBI

5.1. Xizmatlar kuniga 24 soat, har kuni, tanaffussiz ko‘rsatiladi, profilaktika va taʼmirlash ishlari o‘tkaziladigan vaqt bundan mustasno. Rejali profilaktika va taʼmirlash ishlari o‘tkazilishi haqida Abonent kamida 24 (yigirma to‘rt) soat oldin Operatorning rasmiy saytida axborot joylashtirish va/yoki boshqa imkoniyatli usulda xabardor qilinadi. Profilaktika ishlari, taʼmirlash va yirik avariya oqibatlarini bartaraf etish xizmatlar ko‘rsatish muddatlarining buzilishi hisoblanmaydi.

5.2. Abonentni identifikatsiya qilish hamda xizmatlarga va Shaxsiy kabinetga kirish Operator yoki Diler ofisida taqdim etiladigan autentifikatsiya maʼlumotlari yordamida amalga oshiriladi.

5.3. Xizmatlar hajmi shaxsiy hisobvaraqning ijobiy balansi bilan cheklanadi. Operator Cheklov darajalarini belgilashga haqli bo‘lib, ularga yetilganda taqdim etilayotgan xizmatlar hajmi cheklanadi. Balans nolga teng yoki manfiy bo‘lganda Operator hisobvaraq to‘ldirilgunga qadar xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatib turadi.

5.4. Xizmatlar ko‘rsatish quyidagi hollarda to‘xtatib turiladi (cheklanadi):

— Abonent qonunchilikni, Qoidalarni yoki Oferta/Shartnoma shartlarini buzganda;

— Qurilmaning ishlashi yoki Abonentning harakatlari Operator tarmog‘iga yoxud uchinchi shaxslarga zarar yetkazsa (yetkazishi mumkin bo‘lsa);

— Operator tarmog‘iga, uskunalariga yoki resurslariga ruxsatsiz kirishga urinishda;

— tarmoq hujumlari, shu jumladan «xizmat ko‘rsatishni rad etish» turidagi taqsimlangan hujumlar (DDoS), Abonent manzillaridan (resurslaridan) zararli trafik tarqatilishi yoxud tarmoq barqarorligiga boshqa tahdid aniqlanganda — tahdidni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan davrga, Abonentni xabardor qilgan holda;

— rejali texnik, taʼmirlash yoki profilaktika ishlari o‘tkazilganda (Abonentni xabardor qilgan holda);

— Oldindan to‘lov/Abonent to‘lovi belgilangan muddatda kiritilmaganda;

— spam, viruslar, litsenziyasiz kontent, uchinchi shaxslar shaʼnini bulg‘ovchi axborot tarqatilganda, IP-manzillar qalbakilashtirilganda;

— hosting xizmatlaridan shartlarni buzgan holda proksi- yoki VPN-server sifatida foydalanilganda;

— Abonent shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlashga roziligini qaytarib olganda;

— Abonent tashabbusi bilan — xizmatlar turi va tarif rejasida belgilangan tartibda.

5.5. Abonent to‘xtatib turishga asos bo‘lgan buzilishlarni bartaraf etganidan va/yoki qarzni uzganidan so‘ng xizmatlarga kirish 24 (yigirma to‘rt) soat ichida tiklanadi. To‘lanmaganlik sababli to‘xtatib turilgan xizmatlarni qayta tiklaganlik uchun haq olinmaydi, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa. Bunda ilgari tanlangan tarif rejasi amaldan chiqarilgan (arxivga o‘tkazilgan) bo‘lsa, uning saqlanishi kafolatlanmaydi.

5.6. Asosiy va qo‘shimcha xizmatlar ro‘yxati Ofertaning 14-bo‘limi tartibida Abonentlarni oldindan xabardor qilgan holda o‘zgartirilishi mumkin.

5.7. Abonentning autentifikatsiya maʼlumotlaridan foydalanilgan holda amalga oshirilgan harakatlar (shu jumladan Shaxsiy kabinetdagi) Abonentning shaxsan o‘zi tomonidan amalga oshirilgan deb eʼtirof etiladi va u uchun o‘z qo‘li bilan amalga oshirilgan harakatlar bilan teng yuridik oqibatlar keltirib chiqaradi. Operatorning elektron jurnallari (log-fayllar) va ASR maʼlumotlari Taraflar tomonidan bunday harakatlarning maqbul dalillari sifatida eʼtirof etiladi.

5.8. Abonent masofadan murojaat qilganda (telefon, elektron pochta, Shaxsiy kabinet orqali) Operator murojaat qiluvchining shaxsini tekshirishga (kod so‘zi, Shartnoma rekvizitlari, Shaxsiy kabinet orqali tasdiqlash yoxud boshqa kelishilgan usul bo‘yicha) hamda shaxs tasdiqlangunga qadar murojaat bo‘yicha harakatlarni amalga oshirishni rad etishga haqli. Bunday tekshiruvdan so‘ng amalga oshirilgan harakatlar Abonentning xohish-irodasi bilan amalga oshirilgan hisoblanadi.

6. OPERATORNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

6.1. Operator quyidagilarga haqli:

— Abonent aybi bilan Operator tarmog‘iga yetkazilgan zararlarni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplashni talab qilish;

— Abonent Qoidalarni, Oferta/Shartnoma shartlarini buzganligi yoki xizmatlar haqini to‘lamaganligi yuzasidan daʼvo (pretenziya) bildirish;

— tarmoq xavfsizligini va xizmatlarning tegishli sifatini taʼminlash maqsadida xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatib turish;

— turli davrlar, abonentlar toifalari va uskuna turlari (USB-modemlar, hisoblagichlar, to‘lov terminallari, shlyuzlar va sh.k.) uchun tabaqalashtirilgan va maxsus tariflar belgilash;

— Oferta/Shartnoma shartlarini va tariflarni Ofertaning 14-bo‘limi tartibida, o‘zgartirishlar kuchga kirishidan kamida 15 (o‘n besh) kalendar kun oldin Abonentlarni xabardor qilgan holda bir tomonlama o‘zgartirish;

— xizmatlar taqdim etish shartlarini o‘zgartiruvchi aksiyalar va maxsus takliflarni saytda xabar bergan holda o‘tkazish;

— qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda, Abonentni xabardor qilgan holda abonent raqamini bir tomonlama o‘zgartirish;

— mavjud qarzni uzish hisobiga Abonent hisobvarag‘idan mablag‘larni hisobdan chiqarish;

— texnologik ishlar o‘tkazish, tarmoqni modernizatsiya qilish va dasturiy taʼminotni yangilash;

— Abonentga u ko‘rsatgan aloqa maʼlumotlari bo‘yicha (SMS, elektron pochta, messenjerlar) Shartnoma ijrosi bilan bog‘liq servis (texnik) xabarnomalarini, Abonentning Oferta aksepti orqali ifodalangan roziligi bilan esa — Operator xizmatlari, tariflari va aksiyalari haqidagi axborot xabarlarini ham yuborish;

— keng polosali kirish xizmatlarini ko‘rsatishda FTTx/GPON texnologiyasi bo‘yicha ishlaydigan abonent qurilmasining radiomoduli (Wi-Fi) orqali boshqa abonentlarga (foydalanuvchilarga) xizmatlardan foydalanish imkonini berish. Bunda Operator quyidagilarni kafolatlaydi: Abonentga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati pasaymaydi; boshqa foydalanuvchilar trafigi Abonentning shaxsiy hisobvarag‘ida hisobga olinmaydi va u tomonidan to‘lanmaydi; boshqa foydalanuvchilarning Abonentning uy (lokal) tarmog‘iga, qurilmalariga va maʼlumotlariga kirishi istisno etiladi;

— Abonent-tashkilot tugatilganda yoxud firibgarlik (Fraud) deb hisoblanadigan harakatlar sodir etilganda Shaxsiy kabinetga kirishni cheklash;

— qonunchilik, Qoidalar, Oferta va Shartnomada nazarda tutilgan boshqa huquqlarni amalga oshirish.

6.2. Operator quyidagilarga majbur:

— xizmatlar sifatining amaldagi standartlar, normalar va litsenziya shartlariga muvofiqligini taʼminlash;

— Abonent to‘g‘risidagi maʼlumotlarning va tarmoq orqali uzatiladigan axborotning maxfiyligini taʼminlash, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;

— Abonentlarni xizmatlar ko‘rsatish shartlari, tartibi va tariflar o‘zgarishi to‘g‘risida (o‘zgartirishlar kuchga kirishidan kamida 15 (o‘n besh) kalendar kun oldin), shuningdek ish rejimi va bank rekvizitlari o‘zgarishi haqida oldindan va tezkor xabardor qilish;

— aloqa tarmoqlariga ruxsatsiz kirishning oldini olish va Abonentning shaxsga doir maʼlumotlarini himoya qilish choralarini ko‘rish;

— majburiyatlarni bajarmaganlik va xizmatlar sifatiga rioya etmaganlik uchun Abonentga zararni qonunda belgilangan tartibda qoplash;

— xizmatlarning kecha-yu kunduz ko‘rsatilishini hamda tarmoq shikastlanishlarining Abonent murojaatidan boshlab normativ muddatlarda bartaraf etilishini taʼminlash;

— shaxsiy hisobvaraqda mablag‘ yetarli bo‘lmaganligi sababli telefon aloqasi xizmatlari to‘xtatib turilganda Abonentga favqulodda tezkor xizmatlarga (yagona dispetcherlik xizmati — 112, yong‘in-qutqaruv xizmati — 101, ichki ishlar organlari — 102, tez tibbiy yordam — 103, gaz tarmog‘ining avariya xizmati — 104, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xizmati — 1050), shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi ishonch telefonlariga mablag‘ yetishmovchiligi yuzaga kelgan paytdan boshlab 90 (to‘qson) kalendar kun davomida bepul, kecha-yu kunduz kirish imkoniyatini taʼminlash;

— yirik avariyalar, taʼmirlash va xizmatlarni tiklash muddatlari haqida Abonentlarni OAV, sayt yoki SMS orqali xabardor qilish;

— Abonent murojaati bo‘yicha shaxsiy hisobvaraq holati va qarz mavjudligini maʼlum qilish; murojaatlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish;

— axborot resurslari himoyasini taʼminlash va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan taqiqlangan axborot (konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga daʼvatlar, urush, terrorizm, ekstremizm targ‘iboti, milliy, irqiy yoki diniy adovatni qo‘zg‘atish, pornografiya va sh.k.) tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik;

— xizmat ko‘rsatish etikasiga rioya etish; xalqaro trafikning noqonuniy uzatilishiga va GSM/IP/SMS-shlyuzlardan yashirin foydalanishga qarshi choralar ko‘rish.

7. ABONENTNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

7.1. Abonent quyidagilarga haqli:

— umumiy foydalanishdagi aloqa xizmatlaridan foydalanish va Oferta/Shartnoma hamda Qoidalar shartlari asosida tarmoqqa Qurilmani ulash;

— tariflar, ulanish tartibi, aloqani tashkil etish usullari va xizmatlar ko‘rsatish Qoidalari to‘g‘risida axborot olish;

— alohida abonent toifalari yoki cheklangan hudud uchun ishlab chiqilgan maxsus tarif rejalaridan tashqari, Operatorning istalgan amaldagi tarif rejasiga bepul o‘tish; o‘tish qarz mavjud bo‘lmaganda, ariza berilganidan keyingi hisob-kitob davri boshidan amalga oshiriladi, agar tarif rejasi shartlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa;

— Operatordan xizmatlarning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilishini, kamchiliklarning bepul bartaraf etilishini yoxud xizmatlar qiymatini qayta hisoblashni talab qilish;

— xizmatlar ko‘rsatilmaganligi yoki ularning nomaqbul sifati tufayli yetkazilgan zararni qonunchilikda belgilangan tartibda — Ofertaning 15-bo‘limida nazarda tutilgan sudgacha tartibga rioya etgan holda hamda Ofertaning 12.4 va 12.5-bandlarida belgilangan javobgarlikdan ozod etish asoslari va uning chegaralarini hisobga olgan holda qoplashni talab qilish;

— qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar berilishini talab qilish (tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari taqdim etilgan paytdan boshlab);

— favqulodda xizmatlarni chaqirishda aloqa xizmatlaridan bepul foydalanish;

— Operator bilan interaktiv usullarda (ular mavjud bo‘lganda), shu jumladan Shaxsiy kabinet va mobil ilovalar orqali hamkorlik qilish, xizmatlar hajmi, to‘lovlar tarixi va mablag‘lar qoldig‘i to‘g‘risida maʼlumot olish;

— istalgan vaqtda Operatorga yozma ravishda, Shaxsiy kabinet yoki Call-markaz (maʼlumot xizmati) orqali murojaat qilib, axborot (reklama) xabarlarini olishdan voz kechish; bunda Shartnoma ijrosi bilan bog‘liq servis xabarnomalarini yuborish davom etadi;

— qarz mavjud bo‘lmaganda 14-bo‘lim tartibida xizmatlardan voz kechish va Shartnomani bekor qilish;

— shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlashga rozilikni qaytarib olish; bu holda, agar xizmatlarni tegishli maʼlumotlarni qayta ishlamasdan ko‘rsatish mumkin bo‘lmasa, Operator xizmatlar ko‘rsatishni to‘liq yoki qisman to‘xtatishga haqli.

7.2. Abonent quyidagilarga majbur:

— Oferta/Shartnoma shartlariga rioya etish va xizmatlardan shaxsiy (tijorat bo‘lmagan) maqsadlarda foydalanish, agar Shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa;

— Avans/Abonent to‘lovlarini o‘z vaqtida va to‘liq hajmda kiritish hamda shaxsiy hisobvaraqning ijobiy balansini saqlab turish;

— Operator tarmog‘idan davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa axborotni uzatish uchun foydalanmaslik;

— Operator tarmog‘i orqali qonunchilik bilan taqiqlangan axborotni (zo‘ravonlikka va konstitutsiyaviy tuzumni o‘zgartirishga daʼvatlar, urush, terrorizm, ekstremizm targ‘iboti, adovat qo‘zg‘atish, pornografiya), shuningdek fuqarolarning shaʼni, qadr-qimmati va obro‘sini bulg‘ovchi maʼlumotlarni tarqatmaslik;

— Qurilma va xizmatlardan noqonuniy maqsadlarda, shu jumladan xalqaro trafikni noqonuniy uzatish (GSM/IP/SMS-shlyuzlar orqali), IP-manzillar va abonent raqamlarini qalbakilashtirish, telefon aloqasi va IP-telefoniya xizmatlaridan foydalanishda chaqiruvchi abonent raqamini (identifikatorini) buzib ko‘rsatish (almashtirish), zararli dasturiy taʼminot va viruslarni tarqatish uchun foydalanmaslik;

— tarmoq ish sifatini pasaytiruvchi yoki uni shikastlaydigan harakatlar sodir etmaslik; nosozliklar hamda Abonentning Qurilmasi, tarmog‘i va dasturiy taʼminotidagi o‘zgarishlar haqida Operatorni darhol xabardor qilish;

— tarmoq va Qurilmadan texnik foydalanish qoidalariga rioya etish; Operatorning maʼlumotlar bazalari va dasturiy vositalaridan ruxsatsiz foydalanmaslik;

— xizmatlardan foydalanishda mualliflik huquqlari va intellektual mulk huquqlarini buzmaslik;

— ko‘rikdan o‘tkazish, taʼmirlash va texnik xizmat ko‘rsatish uchun Operator vakillariga aloqa vositalari joylashgan joylarga kirish imkonini berish;

— O‘zbekiston Respublikasi standartlari bo‘yicha sertifikatlangan Qurilmalardan ishlab chiqaruvchi ko‘rsatmalarini hisobga olgan holda foydalanish;

— Operatorga ishonchli shaxsga doir maʼlumotlarni taqdim etish va ular o‘zgarganda 15 (o‘n besh) kalendar kun ichida yozma xabardor qilish;

— abonent ulanishi jihozlangan bino o‘zgaga o‘tkazilganda (sotish, ayirboshlash, hadya), u ijaraga (yollashga) berilganda, shuningdek yashash (joylashish) joyi o‘zgarganda — 1 (bir) oy ichida Shartnomani qayta rasmiylashtirish yoxud bekor qilish uchun Operatorga murojaat qilish; Shartnoma qayta rasmiylashtirilgunga qadar ulanish manzili bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar haqini to‘lash majburiyati Abonent zimmasida qoladi;

— Operatorning www.buzton.com rasmiy saytida joylashtiriladigan xizmatlar ko‘rsatish shartlari, tariflar va ularning o‘zgarishlari haqidagi axborot bilan muntazam, biroq kamida har 7 (yetti) kalendar kunda bir marta mustaqil tanishib borish;

— axborot xavfsizligi talablariga rioya etish; autentifikatsiya maʼlumotlarining saqlanishini taʼminlash va ular oshkor bo‘lganda Operatorni darhol xabardor qilish;

— unga nisbatan firibgarlik (Fraud) deb hisoblanadigan harakatlar sodir etilganda Operatorni darhol xabardor qilish;

— o‘z harakatlari (harakatsizligi) natijasida Operatorga yetkazilgan zararni qonunchilikka muvofiq qoplash.

7.3. GSM/IP/SMS-shlyuzlardan foydalanish yoxud litsenziya talab qilinadigan aloqa xizmatlarini ko‘rsatish (shu jumladan qayta sotish yoki «internet-kafe» tashkil etish yo‘li bilan) niyatida bo‘lganda Abonent bu haqda Operatorni oldindan xabardor qilishi va vakolatli organning tegishli litsenziyasini taqdim etishi shart.

8. TARIFLAR, HISOB-KITOBLAR VA TO‘LOV TARTIBI

8.1. Xizmatlar haqi O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida, naqd yoki naqdsiz shaklda, xizmat turi va tarif rejasi shartlariga qarab oldindan to‘lov yoki keyin to‘lash tizimi bo‘yicha to‘lanadi.

8.2. Tariflar Operator tomonidan mustaqil belgilanadi va qonunda nazarda tutilgan barcha soliqlarni o‘z ichiga oladi. Tasdiqlangan Preyskurant Operator saytida joylashtiriladi. Xizmatlar qiymatiga taʼsir etuvchi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘g‘risidagi qonunchilik o‘zgargan taqdirda Operator Ofertaning 14-bo‘limida belgilangan tartibda tariflarni mutanosib ravishda o‘zgartirishga haqli.

8.3. Tariflar o‘zgarishi haqidagi axborot Abonentlarga Ofertaning 14-bo‘limida belgilangan tartibda, o‘zgartirishlar kuchga kirishidan kamida 15 (o‘n besh) kalendar kun oldin maʼlum qilinadi. Ushbu muddat o‘tganidan so‘ng haq o‘zgartirilgan tariflar bo‘yicha hisoblanadi.

8.4. Abonent tomonidan oldindan to‘lov (avans to‘lovi), shu jumladan bir vaqtning o‘zida bir necha hisob-kitob davri uchun (Ofertaning 8.6-bandi) kiritilishi pul mablag‘larining Abonent shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkazilishini anglatadi va to‘langan davrlar uchun tarif, tarif rejasi yoki xizmatlar ko‘rsatishning boshqa shartlarini qatʼiylashtirish (saqlanish kafolati) hisoblanmaydi. Tariflar Ofertaning 8.3-bandi va 14-bo‘limida nazarda tutilgan tartibda o‘zgartirilganda yangi tariflar shaxsiy hisobvaraqdagi oldindan to‘lovning mavjudligi va miqdoridan qatʼi nazar, o‘zgartirishlar kuchga kirgan sanadan boshlab barcha Abonentlarga nisbatan qo‘llaniladi. Ushbu sanadan keyin boshlanadigan hisob-kitob davrlari uchun abonent to‘lovi va xizmatlar haqini hisobdan chiqarish yangi tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi. O‘zgartirishlar kuchga kirgunga qadar tugagan hisob-kitob davrlari uchun hisobdan chiqarilgan haq qayta hisoblanmaydi. Tariflar o‘zgarishiga rozi bo‘lmagan Abonent o‘zgartirishlar kuchga kirgunga qadar ularni qabul qilishdan voz kechganligini maʼlum qilishga haqli, bu Ofertaning 14.2-bandida nazarda tutilgan tartibda Shartnomaning bekor qilinishiga olib keladi; foydalanilmagan mablag‘lar qoldig‘i Abonentga Ofertaning 8.13-bandi tartibida qaytariladi.

8.5. Abonentlar — jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va ularga tenglashtirilgan shaxslar xizmatlardan 100 % oldindan to‘lov shartlarida foydalanadilar. Abonentlar — yuridik shaxslar hisobot davri uchun to‘lovni xizmatlar ko‘rsatilganidan keyin, hisobvaraq-faktura taqdim etilgan paytdan boshlab 3 (uch) bank kuni ichida amalga oshiradilar. Hisobvaraq-fakturalar Abonentlar — yuridik shaxslarga qonunchilikka muvofiq elektron hujjat aylanishi tizimlari operatorlari orqali elektron shaklda taqdim etiladi; hisobvaraq-faktura bunday tizimda taqdim etilgan kuni Abonent tomonidan olingan hisoblanadi. Operator ixtiyoriga ko‘ra yuridik shaxslar uchun oldindan to‘lov shartlarida ishlash talabi belgilanishi mumkin.

8.6. Abonent o‘z xohishiga ko‘ra 12 (o‘n ikki) oygacha bo‘lgan davr uchun oldindan to‘lovni bir yo‘la kiritishga haqli. Kelgusi hisob-kitob davrlari uchun oldindan to‘lov kiritilishi uni kiritish paytida amalda bo‘lgan tariflar va tarif rejalarining saqlanishini kafolatlamaydi.

8.7. To‘lovda Abonent quyidagilarni ko‘rsatadi: Shartnoma va shaxsiy hisobvaraq raqami (tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun) yoxud abonent raqami, ID-raqami yoki shaxsiy raqami (jismoniy shaxslar uchun).

8.8. Operator hisobvarag‘iga kelib tushgan pul mablag‘lari Abonentning shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va tarif rejasiga muvofiq xizmatlar uchun hisobdan chiqariladi. To‘lov agentlari yoki banklar orqali mablag‘larni o‘tkazish bilan bog‘liq nizolar uchun Operator javobgar emas.

8.9. Xizmatlar shaxsiy hisobvaraqning ijobiy balansi doirasida ko‘rsatiladi. Bitta ulanish uchun mablag‘ yetarli bo‘lmaganda xizmat cheklanishi mumkin.

8.10. Operator abonent to‘lovi va tarif rejasi bo‘yicha xizmatlar haqini hisobdan chiqarishda Abonent — jismoniy shaxs shaxsiy hisobvarag‘ining manfiy balansi yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi. Agar tariflashning texnologik xususiyatlari (kechiktirilgan tariflash, xalqaro ulanishlar, uchinchi shaxslar xizmatlari) tufayli haqni darhol hisobdan chiqarish mumkin bo‘lmasa va qarz yuzaga kelsa, Operator xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatib turadi va Abonentni qarzni uzish zarurligi haqida xabardor qiladi; Abonent amalda olingan xizmatlar haqini to‘lashi shart. Abonent — yuridik shaxsning qarzi Abonent tomonidan tan olinadi va Ofertaning 8.5-bandida belgilangan muddatlarda to‘lanishi lozim.

8.11. Abonentlar — yuridik shaxslar balans nolga teng yoki manfiy bo‘lganda kafolat xati asosida, taqdim etilgan barcha hisobvaraqlarni to‘lash majburiyati bilan ko‘pi bilan 1 (bir) kalendar oy davomida xizmatlardan foydalanishga haqli.

8.12. Agar hisobot oyi tugaganidan keyin 10 (o‘n) kalendar kun ichida Abonent ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi va sifati yuzasidan yozma yoki elektron shaklda asoslantirilgan daʼvo (pretenziya) taqdim etmagan bo‘lsa, xizmatlar lozim darajada ko‘rsatilgan va hisobot oyining oxirgi kunida Abonent tomonidan qabul qilingan hisoblanadi. Daʼvo bildirish Abonentni xizmatlarning nizolashilmayotgan qismi haqini to‘lashdan ozod etmaydi.

8.13. Shartnoma bekor qilinganda foydalanilmagan mablag‘lar qoldig‘i Operator bank rekvizitlari ko‘rsatilgan yozma arizani olgan paytdan boshlab 15 (o‘n besh) bank kuni ichida Abonentga qaytariladi. Operator amalda qilingan xarajatlarni va to‘lov tizimlari komissiyalarini ushlab qolishga haqli. Pullik abonent raqamini tanlash haqi, shuningdek Abonent tomonidan amalga oshirilgan boshqa bir martalik to‘lovlar qaytarilmaydi.

8.14. Haq undirish bilan bog‘liq nizolar Ofertaning 15-bo‘limi tartibida hal etiladi.

8.15. Ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi va qiymatini hisobga olish Operatorning ASR tizimida amalga oshiriladi. ASR maʼlumotlari Taraflar o‘rtasidagi hisob-kitoblar uchun asos hamda xizmatlar ko‘rsatilganligi fakti va hajmining tegishli dalili hisoblanadi, agar Abonent tomonidan boshqacha holat isbotlanmagan bo‘lsa. Shaxsiy kabinet va Abonent dasturiy vositalarining ko‘rsatkichlari maʼlumot xarakteriga ega.

9. ABONENT QURILMASI (USKUNASI)

9.1. Ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish uchun Operator qonunchilikda belgilangan tartibda Abonentga xizmatlar ko‘rsatish davriga Qurilmani vaqtincha foydalanishga berishga haqli.

9.2. Qurilmani, shu jumladan aksiyalar doirasida, berish shartlari Shartnoma va tegishli aksiya shartlari bilan belgilanadi. Qurilmaning topshirilishi Shartnomani (yoxud nazarda tutilgan bo‘lsa, alohida qabul qilish-topshirish dalolatnomasini) imzolash bilan tasdiqlanadi.

9.3. Abonent Qurilmadan belgilangan maqsadda foydalanishi, uning saqlanishini taʼminlashi va Operator roziligisiz uchinchi shaxslarga bermasligi shart. Qurilma Abonent aybi bilan yo‘qolganda yoki shikastlanganda u Operatorga uning qiymatini qoplaydi.

9.4. Zavod nuqsoni aniqlanganda Abonent Shartnoma imzolangan kundan boshlab bir oy ichida abonent qurilmasini almashtirish talabi bilan Operatorga murojaat qilishga haqli. Almashtirish quyidagi shartlarda amalga oshiriladi: foydalanish qoidalari buzilganligi belgilari, mexanik shikastlanishlar, zavod plombalari butunligining buzilishi, ochilganlik, taʼmirlanganlik yoki qurilma konstruksiyasiga mustaqil aralashuv izlari, ichiga suyuqlik, hasharotlar yoki boshqa yot jismlar tushganligi, qizib ketish izlari yoxud kuygan hidi mavjud bo‘lmaganda, shuningdek zavod qadog‘i hamda qurilmaning to‘liq komplektatsiyasi, shu jumladan quvvat bloki, ulash kabeli (yetkazib berish komplektida mavjud bo‘lsa), boshqa butlovchi qismlar va ishlab chiqaruvchi hujjatlari saqlanganda. Nosozlik dalolatnomasini rasmiylashtirish uchun Abonent www.buzton.com rasmiy saytida ko‘rsatilgan raqam orqali Call-markaz orqali texnik mutaxassisni chaqiradi.

9.5. Almashtirishga faqat Abonentga bog‘liq bo‘lmagan omillar tufayli qurilma shikastlanganda yo‘l qo‘yiladi. Operator texnik ekspertiza xulosasini so‘rashga haqli; Abonent tomonidan buzilishlar aniqlanganda ekspertiza xarajatlarini Abonent ko‘taradi. Boshqa hollarda qurilma almashtirilmaydi, Abonent majburiyatlari saqlanib qoladi. Shartnoma Taraflardan birining tashabbusi bilan bekor qilinganda Abonent qurilmani to‘liq komplektatsiyada va tabiiy eskirishni hisobga olgan holda soz holatda qaytarishi shart.

9.6. Qurilmani qaytarish xizmatlardan voz kechilgan paytdan boshlab bir oy ichida amalga oshiriladi. Qaytarish qabul qilish-topshirish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi, uning bir nusxasi Abonentga beriladi.

9.7. Qurilma belgilangan muddatda qaytarilmasa, uni qaytarish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq sud organlari orqali amalga oshiriladi.

9.8. Aksiya doirasida berilgan Qurilmaga mulk huquqi Abonent tegishli aksiya shartlarini bajarganida Abonentga o‘tadi.

9.9. Operator O‘zbekiston Respublikasi standartlariga mos kelmaydigan yoxud ishlab chiqaruvchi yoki Operator bilan kelishilmagan holda o‘zgartirilgan Qurilmaning ishlashi uchun javobgar emas.

10. SHAXSGA DOIR MAʼLUMOTLAR

10.1. Shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlash O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi O‘RQ-547-son «Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi. Oferta aksepti (Shartnomani imzolash yoki konklyudent harakatlarni amalga oshirish) bilan Abonent o‘zining shaxsga doir maʼlumotlarini qayta ishlashga rozilik beradi.

10.2. Qayta ishlanadigan maʼlumotlar ro‘yxati: familiyasi, ismi, otasining ismi; tug‘ilgan sanasi; shaxsni tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari; STIR (JShShIR); ro‘yxatdan o‘tgan va ulanish manzillari; aloqa maʼlumotlari; to‘lov axboroti.

10.3. Qayta ishlash maqsadlari: Shartnomani tuzish va ijro etish; Abonentni identifikatsiya qilish; hisob-kitoblar va hisobvaraqlar taqdim etish; texnik qo‘llab-quvvatlash va o‘zgarishlar haqida xabardor qilish; qonunchilik talablarini bajarish.

10.4. Qayta ishlash maʼlumotlarni to‘plash, yozib olish, tizimlashtirish, jamlash, saqlash, aniqlashtirish, foydalanish, uzatish (qonunda nazarda tutilgan hollarda), shaxssizlantirish, bloklash, o‘chirish va yo‘q qilishni — avtomatlashtirish vositalari yordamida va ularsiz — o‘z ichiga oladi.

10.5. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir maʼlumotlarini qayta ishlash va saqlash O‘zbekiston Respublikasi hududida jismonan joylashgan texnik vositalar yordamida amalga oshiriladi.

10.6. Rozilik aksept paytidan boshlab shartnomaviy munosabatlar tugaganidan keyin 3 (uch) yil o‘tgunga qadar amal qiladi, agar qonunchilikda boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa. Rozilik Operatorga yozma ariza yuborish orqali qaytarib olinishi mumkin. Rozilik qaytarib olinganda Operator xizmatlarni tegishli maʼlumotlarni qayta ishlamasdan ko‘rsatish mumkin bo‘lmagan qismida to‘xtatishga haqli.

11. AKSIYALAR VA MAXSUS TAKLIFLAR

11.1. Operator aksiyalar va maxsus takliflar o‘tkazishga haqli bo‘lib, ular doirasida Abonentlarga imtiyozli tariflar, chegirmalar, Qurilmalar va boshqa imtiyozlar maxsus shartlarda taqdim etilishi mumkin.

11.2. Har bir aksiyaning aniq shartlari (muddati, ishtirokchilari, tarif rejalari, Qurilmalarni berish va qaytarish tartibi, ishtirokni tugatish asoslari) Operatorning www.buzton.com rasmiy saytida joylashtiriladigan alohida hujjat bilan belgilanadi.

11.3. Aksiyada ishtirok etish orqali Abonent uning shartlariga rozi ekanligini tasdiqlaydi va ularning o‘zgarishlari bilan Operator saytida mustaqil tanishib borish majburiyatini oladi.

11.4. Aksiya doirasida berilgan Qurilma Abonent aksiyaning barcha shartlarini bajargunga qadar Operatorga tegishli bo‘ladi. Shartnoma Abonent tashabbusi bilan yoki uning aybi bilan muddatidan oldin bekor qilinganda u Qurilmani qaytarishi yoxud uning qiymatini qoplashi shart.

11.5. Operator aksiyalar shartlarini bir tomonlama o‘zgartirishga va ularni o‘tkazishni to‘xtatib turishga haqli, bu haqda saytda axborot joylashtiradi; Taraflarning ilgari yuzaga kelgan majburiyatlari saqlanib qoladi.

12. SIFAT KAFOLATLARI VA TARAFLARNING JAVOBGARLIGI

12.1. Operator xizmatlar sifatini O‘zbekiston Respublikasi texnik standartlari va amaldagi litsenziya shartlariga muvofiq taʼminlaydi.

12.2. Operator majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik, xizmatlar ko‘rsatish va kamchiliklarni bartaraf etish muddatlarini buzganlik, shuningdek Abonentning shaxsga doir maʼlumotlarini qayta ishlash tartibini buzganlik uchun qonunchilik va Oferta/Shartnoma shartlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

12.3. Abonent quyidagilar uchun javobgar: taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi; autentifikatsiya maʼlumotlarining saqlanishi va ulardan foydalanilgan holda uchinchi shaxslar tomonidan sodir etilgan harakatlar; O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini buzuvchi huquqqa xilof harakatlar; mualliflik huquqlariga rioya etish. Ofertaning 7-bo‘limida nazarda tutilgan majburiyatlarni buzganlik uchun Abonent Operatorga yetkazilgan zararni to‘liq hajmda qoplaydi.

12.4. Operator quyidagilar uchun javobgar emas:

— tabiiy hodisalar, joy va qurilish xususiyatlari sharoitida, tunnellar, yerto‘lalar va boshqa inshootlarda, shuningdek oqibatlarini Operator oldindan ko‘ra olmaydigan boshqa sabablarga ko‘ra xizmatlar sifati va mavjudligi;

— Abonent tomonidan tarmoq konfiguratsiyasining o‘zgartirilishi, Operator bilan kelishilmagan holda mos kelmaydigan yoki sertifikatlanmagan dasturiy taʼminot (shu jumladan trafik hisobi dasturlari) o‘rnatilishi natijasida kelib chiqqan xizmat kamchiliklari;

— Abonent uzatayotgan axborot mazmuni hamda xizmatlardan foydalanish yoki foydalana olmaslik oqibatlari;

— Operator boshqaruvida bo‘lmagan Internet tarmog‘i segmentlari, resurslar va serverlarning mavjudligi va ishlashi;

— tarmoqni modernizatsiya qilish va rivojlantirish bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatishdagi tanaffuslar (Abonent oldindan xabardor qilingan shartda), shuningdek davomiyligi 30 (o‘ttiz) daqiqadan kam bo‘lgan tanaffuslar;

— Kontent-provayderlar va boshqa uchinchi shaxslar tomonidan Operator tarmog‘i orqali taqdim etiladigan kontent va xizmatlar, ularning sifati va hajmi;

— Oferta, Shartnoma yoki tariflar o‘zgarishi haqidagi axborot Operator tomonidan Ofertada belgilangan tartibda joylashtirilgan (yuborilgan) bo‘lsa, Abonent tomonidan ushbu axborotning olinmaganligi (o‘z vaqtida olinmaganligi) natijasida yetkazilgan bevosita yoki bilvosita zarar;

— Abonent tomonidan autentifikatsiya maʼlumotlarining oshkor etilishi (yo‘qotilishi), Qurilmadan foydalanish qoidalarining buzilishi, shuningdek Operator aybisiz uchinchi shaxslarning huquqqa xilof harakatlari (shu jumladan ruxsatsiz axborot tarqatish va virus hujumlari) natijasida yuzaga kelgan zarar;

— Abonent Qurilmasi dasturiy taʼminoti va operatsion tizimlarining ishlamasligi yoki noto‘g‘ri ishlashi;

— vakolatli davlat organlarining majburiy talablari (ko‘rsatmalari) ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan xizmatlarni to‘xtatib turish, cheklash yoki ko‘rsatish tartibini o‘zgartirish;

— Abonentning boy berilgan foyda ko‘rinishidagi zararlari.

12.5. Operatorning Abonent — yuridik shaxs oldidagi Shartnoma bo‘yicha jami javobgarligi bunday Abonent tomonidan so‘nggi 3 (uch) hisob-kitob davri uchun xizmatlar haqiga to‘langan summa bilan cheklanadi. Ushbu cheklov Abonentlar — jismoniy shaxslarga, shuningdek javobgarlikni cheklashga qonunchilik bilan yo‘l qo‘yilmaydigan boshqa hollarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

12.6. Boshqa hollarda Taraflarning javobgarligi tanlangan xizmatlar shartlari, Qoidalar va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilanadi.

13. FORS-MAJOR

13.1. Taraflar majburiyatlarning to‘liq yoki qisman bajarilmaganligi uchun, agar bu Shartnoma tuzilganidan keyin yuzaga kelgan va Taraflar nazorati doirasidan tashqaridagi yengib bo‘lmas kuch holatlari: tabiiy ofatlar (zilzila, suv toshqini, bo‘ron, yong‘in va b.), harbiy harakatlar, qamal (blokada), hokimiyat organlarining taqiqlari, favqulodda holat hamda boshqa favqulodda va oldini olib bo‘lmaydigan holatlar oqibati bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladilar.

13.2. Majburiyatlarni bajarish muddati bunday holatlar amal qilgan muddatga mutanosib ravishda uzaytiriladi. Ijro etish imkonsiz bo‘lib qolgan Taraf 10 (o‘n) kalendar kun ichida ikkinchi Tarafni yozma xabardor qiladi. Holatlarning mavjudligi vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.

13.3. Fors-major 3 (uch) kalendar oydan ortiq davom etganda Operator Abonentga zararlarni qoplash majburiyatisiz Shartnomani to‘liq yoki qisman bekor qilishga haqli.

14. AMAL QILISH MUDDATI, O‘ZGARTIRISH VA BEKOR QILISH

14.1. Shartnoma Oferta aksept qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi va agar Shartnomada boshqa muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, muddatsiz amal qiladi.

14.2. Operator Oferta/Shartnoma shartlarini va tariflarni Ofertaning 14.3-bandida belgilangan tartibda, o‘zgartirishlar kuchga kirishidan kamida 15 (o‘n besh) kalendar kun oldin Abonentlarni xabardor qilgan holda bir tomonlama o‘zgartirishga haqli. Agar Abonent ko‘rsatilgan muddat ichida yozma yoki elektron shaklda o‘zgartirishlarni qabul qilishdan voz kechganligini maʼlum qilmagan bo‘lsa, shuningdek o‘zgartirishlar kuchga kirganidan keyin xizmatlardan foydalanishni davom ettirsa, o‘zgartirishlar Abonent tomonidan qabul qilingan hisoblanadi. Agar Abonent belgilangan muddatda o‘zgartirishlarni qabul qilishdan voz kechganligini maʼlum qilsa, Shartnoma voz kechish kelib tushgan sanadan 15 (o‘n besh) kalendar kun o‘tgach Abonent tashabbusi bilan bekor qilingan hisoblanadi; bekor qilish sanasiga qadar xizmatlar avvalgi shartlarda ko‘rsatiladi va to‘lanadi, mablag‘lar qoldig‘i esa Ofertaning 8.13-bandi tartibida qaytariladi.

14.3. Oferta, Shartnoma va/yoki tariflar shartlari o‘zgarishi to‘g‘risida Abonentlarni tegishli tarzda xabardor qilish deb Operatorning www.buzton.com rasmiy saytida o‘zgartirishlar kuchga kirish sanasidan kamida 15 (o‘n besh) kalendar kun oldin quyidagilarni joylashtirish eʼtirof etiladi: Oferta/Shartnoma shartlari o‘zgarganda — o‘zgartirishlar matni yoxud Ofertaning (uning tegishli bo‘limlari va ilovalarining) yangi tahriri; tariflar o‘zgarganda — yangi tariflar, tarif rejalari va/yoki Preyskurant, har bir holatda o‘zgartirishlar kuchga kirish sanasi ko‘rsatilgan holda. Ko‘rsatilgan sana kelgunga qadar Ofertaning amaldagi tahriri va amaldagi tariflar qo‘llaniladi. Axborot Operator saytida joylashtirilgan sana xabardor qilish sanasi hisoblanadi; Ofertaning 14.2-bandida nazarda tutilgan muddatlar xabardor qilish sanasidan boshlab hisoblanadi. Bundan tashqari Operator Abonentlarni ommaviy axborot vositalari orqali, SMS, elektron pochta yoki boshqa imkoniyatli usulda xabardor qilishga haqli; ko‘rsatilgan usullarda yuborilgan qisqa axborot xabari saytda joylashtirilgan o‘zgartirishlar matniga yoki yangi tariflarga havolani va ular kuchga kirish sanasini o‘z ichiga olishi lozim hamda ushbu bandda nazarda tutilgan joylashtirish o‘rnini bosmaydi. Operator o‘zgartirishlar to‘g‘risidagi axborot joylashtirilgan sananing qayd etilishini taʼminlaydi. Abonent Operatorga murojaat qilib, Ofertaning ilgari amalda bo‘lgan tahrirlari bilan tanishishga haqli.

14.4. Shartnoma qarz mavjud bo‘lmaganda Abonent tashabbusi bilan Operatorni kamida 15 (o‘n besh) kalendar kun oldin xabardor qilgan holda bekor qilinishi mumkin; Abonentlar — jismoniy shaxslar uchun Shartnoma ko‘rsatilgan muddatga rioya etilmasdan bekor qilinadi. Abonent to‘lovi tizimida xizmatlar ko‘rsatishning tugash sanasi joriy hisob-kitob davrining oxirgi kuni hisoblanadi; ushbu davr uchun kiritilgan abonent to‘lovi qayta hisoblanmaydi. Hajm (vaqt) bo‘yicha tariflanadigan xizmatlar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish va haq hisoblash bekor qilish to‘g‘risidagi ariza ro‘yxatga olingan sanadan to‘xtatiladi.

14.5. Shartnoma Operator tashabbusi bilan quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin: Abonent Shartnoma shartlarini va Qoidalarni buzganda; majburiyatlarni bajarish imkonsiz bo‘lganda (texnik imkoniyat mavjud emasligi); fors-major; Abonent — jismoniy shaxs vafot etganda (huquqiy vorisi mavjud bo‘lmaganda); xizmat ko‘rsatish to‘xtatib turilgan sanadan boshlab shaxsiy hisobvaraq 60 (oltmish) kalendar kun ketma-ket faol bo‘lmaganda.

14.6. Xizmatlardan litsenziyasiz tijorat maqsadlarida foydalanilganda, firibgarlik (Fraud) deb hisoblanadigan harakatlar sodir etilganda va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda Shartnoma bekor qilinadi va Abonent Operator tarmog‘idan chiqariladi.

14.7. Taraflarning majburiyatlari Shartnoma bekor qilingan paytdan boshlab tugaydi, amalda ko‘rsatilgan xizmatlar haqini to‘lash majburiyatlari bundan mustasno. Mablag‘lar qoldig‘i Ofertaning 8.13-bandi tartibida qaytariladi.

14.8. Abonent — jismoniy shaxs vafot etganda Shartnoma Operatorga o‘lim guvohnomasining tasdiqlangan nusxasi taqdim etilganidan keyin bekor qilinadi. Shartnomada shaxs almashganda (huquqiy vorislik, meros) avvalgi Shartnoma bekor qilinadi va yangisi tuziladi; pullik raqamni merosxo‘rlarga qayta rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi (ASRda maʼlumotlarni qayta ro‘yxatga olish haqi amaldagi tarif bo‘yicha to‘lanadi).

15. NIZOLARNI HAL ETISH

15.1. Shartnoma ijrosi bilan bog‘liq nizolar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, sudgacha tartibga, shu jumladan mediatsiya tartib-taomiliga rioya etgan holda hal etiladi.

15.2. Abonent — jismoniy shaxs bilan nizolar, agar qonunchilikning imperativ normalari bilan boshqa sudlov belgilanmagan bo‘lsa, Operatorning yoki Dilerning tegishli ofisi joylashgan yerdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘riladi. Abonent — yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor va boshqa tashkilotlar bilan nizolar Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘riladi.

15.3. Xizmatlar ko‘rsatishni rad etish, majburiyatlarning o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarilmaganligi masalalari yuzasidan murojaat (ariza, eʼtiroz, shikoyat) rad etilgan yoki hisobvaraq taqdim etilgan sanadan boshlab ko‘pi bilan 6 (olti) oy ichida yozma yoki elektron shaklda beriladi. Murojaat kelib tushgan kuni ro‘yxatga olinadi va 15 (o‘n besh) kun ichida ko‘rib chiqiladi; zarur bo‘lganda muddat ariza beruvchini xabardor qilgan holda yana 15 (o‘n besh) kungacha uzaytirilishi mumkin.

15.4. Xizmatlardan halol foydalanilayotganligiga shubha tug‘ilganda Operator ichki texnik tekshiruv o‘tkazishga va Abonentga tushuntirish berish uchun kelish talabini yuborishga haqli. Talab 3 (uch) kalendar kun ichida bajarilmaganda Operator xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatib turishga haqli.

15.5. Abonentning ixtiyoriy ravishda uzilmagan qarzi sud buyrug‘i (hal qiluv qarori) yoxud notariusning ijro xati asosida qonunda belgilangan tartibda undiriladi.

15.6. Murojaat masalalarini hal etish Operator vakolatiga kirmasa, murojaat kelib tushgan kundan boshlab 5 (besh) kundan kechiktirmay Abonentni xabardor qilgan holda tegishli organlarga yuboriladi.

16. YAKUNIY QOIDALAR

16.1. Taraflar O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchiligini buzuvchi harakatlar, shu jumladan har qanday shakldagi pora va boshqa noqonuniy to‘lovlarni taklif etish, berish yoki olish harakatlarini sodir etmaslik majburiyatini oladilar. Ushbu shart buzilganda ikkinchi Taraf zararlarni qoplamasdan majburiyatlarni bajarishdan bir tomonlama suddan tashqari tartibda voz kechishga haqli.

16.2. Oferta/Shartnomaning alohida qoidasining haqiqiy emas deb topilishi qolgan qoidalarning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.

16.3. Oferta va Shartnoma bilan tartibga solinmagan Taraflar huquqiy munosabatlari Qoidalar va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.

16.4. Oferta davlat (o‘zbek) tilida tuzilgan. Operator uning rus va/yoki boshqa tillardagi tarjimasini joylashtirishga haqli. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonunining 1-moddasiga muvofiq, matn tahrirlari o‘rtasida tafovutlar yoki ziddiyatlar mavjud bo‘lganda Ofertaning davlat tilidagi tahriri ustuvor yuridik kuchga ega.

OMMAVIY OFERTAGA ILOVALAR

Ilovalar ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish xususiyatlarini belgilaydi va Ofertaning asosiy matni bilan birgalikda qo‘llaniladi. Ziddiyat mavjud bo‘lganda tegishli Ilova qoidalari u tartibga soladigan xizmat qismida ustuvorlikka ega.

1-ilova. Maʼlumotlar uzatish va Internetga kirish xizmatlari (GPON/FTTx texnologiyalarini o‘z ichiga olgan holda)

— xizmatlar tarmoqning texnik qamrov hududida ko‘rsatiladi; sifat tanlangan tarif rejasi va ulanish texnologiyasiga bog‘liq;

— maʼlumotlar uzatishning amaldagi tezligi tarif rejasida ko‘rsatilganidan farq qilishi mumkin va doimiy asosda kafolatlanmaydi; u tarmoq va Internet tarmog‘i resurslarining yuklanganligiga, abonent liniyasining tavsiflariga, Abonent uskunasi va dasturiy taʼminotiga, shuningdek bir vaqtda ulangan qurilmalar soniga bog‘liq. Xizmat sifatini tekshirish maqsadida tezlikni o‘lchash bitta qurilmani Operator uskunasiga bevosita simli ulash orqali, Operator ko‘rsatgan o‘lchov servisidan foydalangan holda amalga oshiriladi;

— Internetga kirish xizmati tarkibida Abonentga ajratiladigan IP-manzillar uning mulkiga o‘tmaydi va texnologik sabablarga ko‘ra Operator tomonidan o‘zgartirilishi mumkin; Shartnoma bekor qilinganda ajratilgan manzillar Operatorning manzillar puliga qaytariladi. Ushbu qoida 5-ilovaga muvofiq pullik asosda foydalanishga berilgan IP-manzillarga (IP-manzillar pullariga) nisbatan qo‘llanilmaydi;

— Abonent aybisiz yuzaga kelgan abonent liniyasi yoki Operator uskunasi nosozligida Operator Abonent arizasi bo‘yicha texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatida ariza ro‘yxatga olingan paytdan boshlab nosozlik bartaraf etilgunga (ariza yopilgunga) qadar bo‘lgan davr uchun abonent to‘lovini qayta hisoblaydi; agar nosozlik Abonentning yoki Operator javobgar bo‘lmagan uchinchi shaxslarning uskunasi, dasturiy taʼminoti yoki harakatlari tufayli kelib chiqqan bo‘lsa, qayta hisoblash amalga oshirilmaydi;

— Operator foydalanilgan veb-resurslar hisobini (log-fayllarni) qonunchilikda belgilangan tartibda yuritadi va ularni 3 (uch) oy davomida saqlaydi;

— GSM/IP/SMS-shlyuzlar noqonuniy ulanganda Operator huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan holda xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatishga haqli;

— «oxirgi milya» abonent qurilmasi (ONT/modem) va optik drop-kabel amaldagi tariflar yoxud tegishli aksiya shartlarida taqdim etiladi.

2-ilova. Simli telefon aloqasi xizmatlari

— kommutatsiya uskunasidan abonent rozetkasigacha (u mavjud bo‘lmaganda — oxirgi qurilmagacha) ko‘rsatiladi;

— mahalliy va xalqaro aloqa xizmatlari haqi to‘lanmaganda Abonent o‘chirishdan 10 (o‘n) kun oldin telefon, SMS yoki elektron pochta orqali xabardor qilinadi;

— shaxsiy hisobvaraqda mablag‘ yetarli bo‘lmaganligi sababli telefon aloqasi xizmatlari to‘xtatib turilganda Abonentga favqulodda tezkor xizmatlarga (112, 101, 102, 103, 104, 1050), shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi ishonch telefonlariga mablag‘ yetishmovchiligi yuzaga kelgan paytdan boshlab 90 (to‘qson) kalendar kun davomida bepul, kecha-yu kunduz kirish imkoniyati taʼminlanadi;

— texnik sabablarga ko‘ra abonent raqami o‘zgartirilganda Abonent kamida 10 (o‘n) kun oldin (tarmoq rekonstruksiyasida — 20 (yigirma) kun oldin) xabardor qilinadi;

— qarz 60 (oltmish) kalendar kundan ortiq uzilmaganda Operator 10 (o‘n) kun oldin xabardor qilgan holda Shartnomani bir tomonlama bekor qilishga haqli;

— qurilma Abonent aybisiz shikastlanganda foydalanilmagan davr uchun abonent to‘lovi qayta hisoblanadi.

3-ilova. Wi-Fi xizmatlari

— ushbu Ilova umumiy yoki cheklangan foydalanish joylaridagi ommaviy simsiz kirish (Wi-Fi) xizmatlariga nisbatan qo‘llaniladi va Abonentning maʼlumotlar uzatish xizmatlari (1-ilova) doirasida o‘z binosi ichida shaxsiy simsiz (Wi-Fi) tarmog‘idan foydalanishiga nisbatan tatbiq etilmaydi;

— xizmatlar cheklangan yoki cheklanmagan foydalanuvchilar doirasiga bepul yoki pullik asosda taqdim etiladi; bitta seans davomiyligi 24 (yigirma to‘rt) soatdan oshmaydi;

— foydalanuvchini identifikatsiya qilish mobil telefon raqami orqali amalga oshiriladi; bir martalik parol SMS orqali yuboriladi va ko‘pi bilan 10 (o‘n) daqiqa saqlanadi;

— Operator foydalanuvchining shaxsga doir maʼlumotlari va xabarlarining maxfiyligini taʼminlaydi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;

— Operator o‘z boshqaruvida bo‘lmagan resurslarning mazmuni va ishlashi uchun javobgar emas.

4-ilova. Telekommunikatsiyalarning transport kanallarini ijaraga berish

— alohida tarif rejasi va texnik shartlar asosida taqdim etiladi;

— kanal parametrlari (o‘tkazish qobiliyati, ulanish nuqtalari) Shartnoma bilan belgilanadi;

— xizmat ko‘rsatish Operatorning javobgarlik zonasida amalga oshiriladi.

5-ilova. IP-manzillarni (IP-manzillar pullarini) foydalanishga berish

— Operator Abonentga mintaqaviy internet-registrator tomonidan Operatorga biriktirilgan manzil makonidan bir yoki bir nechta IP-manzilni (IP-manzillar pulini) vaqtincha foydalanishga beradi. Xizmat Operatorning aloqa xizmatlari bilan birgalikda ham, mustaqil ravishda ham (Operator tarmog‘iga ulanmasdan) ko‘rsatiladi. Pul hajmi, foydalanish muddati va haq miqdori Shartnoma va Preyskurant bilan belgilanadi;

— IP-manzillar Abonent mulkiga o‘tmaydi; Abonentga Shartnoma (tegishli xizmat) amal qilish muddatiga foydalanish huquqi beriladi. Xizmat tugaganda manzillar Operatorning manzillar puliga qaytariladi, Abonent esa ulardan foydalanishni va ularni anonslashni to‘xtatishi shart;

— puldan mustaqil foydalanilganda (uchinchi shaxslar tarmoqlari orqali anonslash) Operator Abonent arizasi bo‘yicha anonslashga ruxsat xatini (Letter of Authorization, LOA) rasmiylashtiradi va mintaqaviy internet-registrator maʼlumotlar bazalariga zarur yozuvlarni kiritadi. Abonent faqat Operator bilan kelishilgan manzil bloklarini anonslashga haqli;

— Abonent taqdim etilgan manzillardan qonunchilikka va mintaqaviy internet-registrator siyosatlariga muvofiq foydalanishi, ulardan spam tarqatish, firibgarlik va boshqa huquqqa xilof faoliyat uchun foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi, shuningdek manzillar Abonent faoliyati bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra cheklov (spam-) ro‘yxatlariga kiritilganda ularni chiqarish choralarini ko‘rishi shart; tegishli xarajatlarni Abonent ko‘taradi;

— taqdim etilgan manzillardan foydalanilgan holda amalga oshirilgan trafik, kontent va harakatlar uchun Abonent javobgar. Asoslantirilgan shikoyatlar (abuse) kelib tushganda, manzillar cheklov ro‘yxatlariga kiritilganda yoxud huquqqa xilof foydalanish aniqlanganda Operator Abonentni xabardor qilganidan keyin xizmatni to‘xtatib turishga, buzilishlar bartaraf etilmaganda esa manzillarni qaytarib olishga (anonslashni bekor qilishga, ruxsat xatini chaqirib olishga) haqli;

— pullik asosda taqdim etilgan IP-manzillarni almashtirishga faqat texnologik sabablarga ko‘ra yoki mintaqaviy internet-registrator (vakolatli organ) talabiga binoan — Abonentni kamida 30 (o‘ttiz) kalendar kun oldin xabardor qilgan va teng qiymatli manzillar taqdim etgan holda yo‘l qo‘yiladi; almashtirish imkonsiz bo‘lganda foydalanilmagan davr uchun haq qayta hisoblanadi;

— Shartnoma bekor qilinganda yoxud xizmat haqi to‘lovi 30 (o‘ttiz) kalendar kundan ortiq kechiktirilganda Operator Abonentni xabardor qilgan holda taqdim etilgan manzillarni qaytarib olishga haqli; Abonent manzillarni keyingi foydalanish uchun yaroqli holatda (uning aybi bilan cheklov ro‘yxatlari bilan og‘irlashtirilmagan holda) qaytarishi shart.

6-ilova. Uskunalarni joylashtirish xizmatlari (Colocation)

— Operator Abonentga tegishli uskunani joylashtirish uchun Operatorning maxsus jihozlangan binosidagi telekommunikatsiya shkafida (stoykasida) joyni (yunitlarni) vaqtincha foydalanishga beradi hamda elektr taʼminoti, iqlim sharoitlari va binoni qo‘riqlashni taʼminlaydi. Yunitlar soni, elektr taʼminoti parametrlari, zaxiralash sxemasi, kiritilgan xizmatlar ro‘yxati va haq miqdori Shartnoma va Preyskurant bilan belgilanadi;

— joylashtiriladigan uskuna soz, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda sertifikatlangan, 19 dyuymli stoykaning standart form-faktoriga mos bo‘lishi hamda kelishilgan energiya isteʼmoli va issiqlik ajratish chegaralaridan oshmasligi lozim. Tarmoq yoki uchinchi shaxslar uskunalari ishiga xalaqit beruvchi, xavfsizlikka tahdid soluvchi yoxud kelishilgan chegaralardan oshuvchi uskuna Abonent xabardor qilinganidan keyin, bevosita tahdid mavjud bo‘lganda esa — darhol, keyinchalik xabardor qilgan holda Operator tomonidan o‘chiriladi;

— joylashtirilgan uskunadan maxsus ruxsatnoma (litsenziya, ro‘yxatdan o‘tkazish) talab qilinadigan faoliyat uchun usiz foydalanishga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan ro‘yxatdan o‘tmasdan kriptoaktivlar maynyeringi uchun foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi;

— uskunaga mulk huquqi Abonentda saqlanib qoladi; uskunaning tasodifan nobud bo‘lishi yoki shikastlanishi xavfini Abonent ko‘taradi; uskunani sug‘urtalash Abonent ixtiyoriga ko‘ra va uning hisobidan amalga oshiriladi;

— Abonent vakillarining uskunaga kirishi oldindan berilgan ariza bo‘yicha, vakolatli shaxslar ro‘yxati asosida, Operator xodimi hamrohligida, kirish jurnalida qayd etilgan holda taqdim etiladi. Abonent arizasi bo‘yicha uskuna bilan Operator xodimlari kuchi bilan bajariladigan ishlar («masofadagi qo‘llar») Preyskurant bo‘yicha alohida haq evaziga bajariladi;

— Operatorning javobgarlik zonasi kelishilgan parametrlardagi joy, elektr taʼminoti va iqlim sharoitlarini taqdim etish, shuningdek Operator tarmog‘iga ulanish porti bilan cheklanadi. Operator Abonent uskunasi va dasturiy taʼminotining ishlashi, shuningdek ular qayta ishlaydigan maʼlumotlarning saqlanishi va yaxlitligi uchun javobgar emas. Tanlangan tarifda nazarda tutilgan zaxiralash tizimlari soz bo‘lgan shartda, tashqi elektr tarmoqlaridagi avariyalar tufayli elektr taʼminotidagi uzilishlar uchun Operator javobgar emas;

— xizmat haqi to‘lovi 30 (o‘ttiz) kalendar kundan ortiq kechiktirilganda Operator Abonentni xabardor qilganidan keyin uskunani demontaj qilmasdan xizmat ko‘rsatishni to‘xtatib turishga (elektr taʼminoti va ulanish portlarini o‘chirishga) haqli; uskuna olib chiqilgunga qadar joy uchun haq to‘lash majburiyati Abonent zimmasida qoladi;

— xizmat tugaganda Abonent mavjud qarzni uzib, uskunani 1 (bir) oy ichida olib chiqishi shart. Uskuna ko‘rsatilgan muddatda olib chiqilmaganda Operator uni demontaj qilishga va Preyskurant bo‘yicha haq undirgan holda masʼul saqlashga qabul qilishga haqli, uskunani qaytarish va xarajatlarni qoplash masalalari esa qonunchilikda belgilangan tartibda, shu jumladan qarz uzilgunga qadar ushlab turish huquqidan foydalangan holda hal etiladi.